Bernardu Silva faoliyatini «Yuventus»da davom ettirishi mumkin
«Yuventus» klubi «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Bernardu Silvaga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda jurnalist Matteo Moretto o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
31 yoshli portugaliyalik futbolchi avvalroq ingliz klubini tark etishini e’lon qilgan edi — u yozda erkin agentga aylanadi.
Portugaliyalik futbolchi 2017 yildan buyon «Manchester Siti» safida to‘p surib kelmoqda. Silva «shaharliklar» tarkibida barcha turnirlar doirasida 453 ta o‘yin o‘tkazib, 76 ta gol urdi va 77 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ushbu davr mobaynida u olti karra Angliya chempioni bo‘ldi, besh marta Angliya Liga Kubogini, uch marta mamlakat Superkubogini va ikki marta Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi.
O‘yinchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 27 million yevroga baholamoqda.