Bernardu Silva faoliyatini «PSJ»da davom ettirishi mumkin — manba
«Manchester Siti» yarimhimoyachisi Bernardu Silva joriy mavsum yakunida klubni tark etishi mumkin. Jurnalist Ekrem Konurning xabariga ko‘ra, 31 yoshli portugaliyalik futbolchi bilan Yevropaning bir qator nufuzli klublari jiddiy qiziqmoqda.
Silva va «shaharliklar» o‘rtasidagi amaldagi shartnoma yozda o‘z yakuniga yetadi. Hozircha tomonlar o‘rtasida shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmayotgani futbolchining klubdagi faoliyati nihoyasiga yetayotganidan dalolat beradi.
Qayd etilishicha, Bernardu Silvani o‘z safiga qo‘shib olishga asosiy da’vogar sifatida Fransiyaning «Pari Sen-Jermen» klubi ko‘rilmoqda. Parijliklar tajribali yarimhimoyachini yozgi transfer oynasida erkin agent maqomida bepul qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Shuningdek, futbolchiga Turkiyaning «Galatasaroy» va Ispaniyaning «Barselona» klubi ham qiziqish bildirmoqda.
Bernardu Silva 2017 yildan buyon «Manchester Siti» sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 38 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urgan va 5 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 27 million yevroga baholamoqda.