Benzema Yevropaga qaytishi mumkin
"Al-Ittihod" hujumchisi Karim Benzema taklif etilgan shartnoma shartlaridan norozi bo'lganligi sababli Saudiya Arabistoni klubini tark etishi mumkin. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, 38 yoshli fransiyalik futbolchi Yevropa futboliga qaytish variantini ko'rib chiqmoqda. Shuningdek, u faoliyatini MLS klublaridan birida davom ettirish ehtimolini ham inkor etmayapti.
Benzema va klub o'rtasida yangi shartnoma bo'yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklar sababli 38 yoshli hujumchi Saudiya Arabistoni chempionatida "Al-Fateh"ga qarshi (2:2) uchrashuvda maydonga tushishdan bosh tortgandi.
Ma'lumot uchun, Karim Benzema 2023 yil yozidan buyon "Al-Ittihod" safida to'p surib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 21 ta uchrashuvda ishtirok etib, 16 ta gol muallifi bo'ldi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil yozigacha mo'ljallangan.