«Benfika» UEFAning Valverde boʻyicha chiqargan qaroridan norozi
Lissabonning «Benfika» klubi UEFAning «Real Madrid» yarimhimoyachisi Federiko Valverdega nisbatan intizomiy chora ko‘rmaslik haqidagi qaroridan keskin noroziligini bildirdi.
Chempionlar Ligasining pley-off bosqichi birinchi uchrashuvining 82-daqiqasida Valverde «Benfika» himoyachisi Samuel Dalga zarba bergan edi. Shvetsiyalik futbolchi boshini changallab maydonga qulagan bo‘lsa-da, uchrashuv bosh hakami Fransua Leteksye bu vaziyatda urugvaylik futbolchini jazolamagan.
Portugaliya klubi o‘yindan so‘ng UEFAga rasmiy shikoyat kiritib, ushbu qo‘pollik uchun Valverdega qizil kartochka ko‘rsatilishi shart bo‘lganini ta’kidladi. Biroq UEFA ushbu murojaatni rad etdi va Federiko Valverde ishtirokidagi voqea qayta ko‘rib chiqilmasligini ma’lum qildi.
«Klubimiz Samuel Dalga nisbatan amalga oshirilgan hujumning foto-dalillari mavjudligiga qaramay, UEFA hech qanday intizomiy chora ko‘rmaslikka qaror qilganidan afsusda.
Ushbu vaziyat o‘yin vaqtida ko‘rsatilmagan qizil kartochkaga loyiq ekanligiga shubha yo‘q edi. Shikoyatimiz rad etilgani sababli, endi hech qanday qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llanilmaydi», — deyiladi «Benfika» bayonotida.
Shu tariqa, Valverde javob o‘yinida ishtirok etish huquqini saqlab qoldi, bu esa «Benfika» rahbariyatining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi.