Bellingem Rodrigoning jarohatiga munosabat bildirdi
Madridning «Real» klubi yarimhimoyachisi Jud Bellingem jamoadoshi Rodrigo Goesning og‘ir jarohati haqidagi xabarga munosabat bildirdi. Eslatib o‘tamiz, braziliyalik vinger La liganing 24-turidan o‘rin olgan «Xetafe»ga (0:1) qarshi o‘yinda tizzasining xochsimon bog‘lamlari va meniskini yirtib olgan edi.
«Hammamiz sen bilanmiz, birodar. Sen har qachongidan ham kuchliroq bo‘lib qaytasan», — deb yozdi Bellingem ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
«Qirollik klubi» Rodrigoning jarohati haqida seshanba, 3 mart kuni rasmiy bayonot berdi. OAV xabariga ko‘ra, hujumchi taxminan 10 oy davomida maydonga tusha olmaydi. Bu esa uning yozda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatini o‘tkazib yuborishini anglatadi.
Joriy mavsumda Rodrigo barcha turnirlarda 27 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 60 mln yevroni tashkil etadi.