Bellingem Angliya milliy jamoasida «daxlsiz» nomini yoʻqotdi
Madridning «Real» klubi yarimhimoyachisi Jud Bellingemga Angliya terma jamoasida uning o‘rni endi «daxlsiz» emasligi ma’lum qilindi. Bu haqda The Touchline nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, futbolchiga milliy jamoadagi asosiy tarkibdan kafolatlangan joyi yo‘qligi uqtirilgan. Agar Judning o‘yini yaxshilanmasa, bosh murabbiy Tomas Tuxel bo‘lajak Jahon chempionatida «Aston Villa» xavbeki Morgan Rojersga tayanishi kutilmoqda.
Bellingem hozirga qadar Angliya terma jamoasi safida 46 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol va 10 ta samarali uzatmani amalga oshirgan. Joriy mavsumda «Real» safida u barcha musobaqalarda 28 ta uchrashuvda qatnashib, 6 ta gol va 4 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 shu yilning yozida AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi.