Belgiya yetakchi, Misr sensatsiya tarqatishga tayyor, Eron ham yuqori maqsad bilan. G guruhi bilan tanishamiz
G guruhida to'rt jamoa turli qit'alardan tashrif buyurgan va eng muhimi — butunlay boshqa-boshqa futbol madaniyatini namoyon etadi.
Belgiya hali ham “oltin avlod” merosidan foydalamoqda, biroq tarkibga yangi qon ham kirib kelmoqda. Misr tarkibida esa ikki nafar APL yulduzi — Muhammad Salah va Omar Marmush bor.
Eron atrofida esa ancha bahslar bo'ldi: siyosiy vaziyat, xavfsizlik va logistika muammolari tayyorgarlikka ta'sir qildi. Shunga qaramay, jamoa mundialda ishtirok etadi. Yangi Zelandiya esa sinf jihatidan kamchiliklarga qaramasdan, jamoaviy ruh va kurashchanlik bilan muxlislarni quvontirishi kutilmoqda.
Belgiya
Murabbiy
Rudi Garsiya 2025 yilda jamoa boshqaruvini o'z qo'liga oldi. Uning asosiy vazifasi — “oltin avlod”dan keyingi davrni qayta qurish va jamoaga yangi nafas bag'ishlash.
Belgiya termasi bosqichma-bosqich yangilanmoqda: tajribali o'yinchilarga ishonch saqlanmoqda, shu bilan birga yoshlar ham asosiy tarkibga kiritilmoqda. Garsiya Thibaut Courtois'ni termaga qaytardi va Romelu Lukakuga ishonch bildirdi.
Yulduzlar
Jamoaning asosiy figurasi — Kevin De Bruyne (“Napoli”). U jarohatlar sabab mavsumning yarmini o'tkazib yuborgan bo'lsa-da, sog'lom holda hali ham yuqori darajada o'ynay oladi.
Romelu Lukakuning holati esa savol ostida. Uning o'yin amaliyoti kam bo'ldi, biroq uning kuchli jihatlari — jismoniy kurash, sheriklarga imkoniyat yaratish — saqlanib qolgan.
Darvoza chizig'ida esa Thibaut Courtois (“Real Madrid”) kabi ishonchli posbon bor.
Yangi avloddan eng yorqin nom — Jeremy Doku (“Manchester City”). U turnir davomida jamoaning eng yaxshi o'yinchisiga aylanib ketishi ham mumkin.
Maqsad
Belgiya guruhdan birinchi o'rin bilan chiqishi kutilmoqda. Jamoa kamida bir-ikki bosqichdan o'tishi mumkin. Chorak final — yaxshi natija, ammo 2018 yildagi bronzani takrorlash qiyin.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 2,4%
Misr
Murabbiy
Xossam Xassan jamoaga yangi ruh olib kirdi. Uning qo'l ostida misrliklar hujumkor va jasurroq o'ynay boshladi. Kuchli raqiblarga qarshi jamoa himoyaga chekindi, ammo qarshi hujumlarda juda xavfli.
Yulduzlar
Jamoaning yuragi — Muhammad Salah. Uning uchun bu oxirgi jahon chempionati bo'lishi mumkin va u tarix yozishni istaydi.
Endi uning yonida Omar Marmush (“Manchester City”) ham bor. Bu ikki lik raqiblar uchun katta muammo tug'diradi.
Maqsad
Misr haligacha jahon chempionatlarida birorta ham g'alaba qozonmagan. Asosiy maqsad — shu “la'nat”ni buzish. Pley-offga chiqish esa mamlakat tarixidagi ulkan yutuq bo'ladi.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 0,4%
Eron
Murabbiy
Amir Galenoi jamoani yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilmoqda. Uning maqsadi — tarixda ilk bor pley-offga chiqish.
Jamoa intizomli, biroq tarkib qarib bormoqda. Bu turnir ko'plab yetakchilar uchun so'nggi imkoniyat bo'lishi mumkin.
Yulduzlar
Asosiy yulduz — Mehdi Taremi. U hali ham jamoa hujumining asosiy kuchidir. Markazda esa Mohammad Mohebi (“Rostov”) harakat qiladi.
Maqsad
Siyosiy va tashkiliy muammolar jamoaga ta'sir qilishi mumkin. Biroq yangi format tufayli Eron hatto uchinchi o'rin bilan ham pley-offga chiqishi mumkin. Bu mamlakat uchun tarixiy natija bo'ladi.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 0,2%
Yangi Zelandiya
Murabbiy
Darren Bazili jamoani uzoq yillik tizim orqali olib keldi. Yangi format Okeaniyaga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma berdi va bu jamoaga katta imkoniyat yaratdi.
Yulduzlar
Asosiy figura — Chris Wood (“Nottingham Forest”). Shuningdek, himoyachi Tim Payne atrofida qiziq hikoya shakllandi: u ijtimoiy tarmoqlarda kutilmaganda juda mashhur bo'lib ketdi va muxlislar uni hazilomuz tarzda “eng buyuk o'yinchi” deb atashmoqda.
Maqsad
Yangi format sabab hatto bunday jamoalar ham pley-off haqida orzu qila oladi. Birgina g'alaba ham barcha rejalarni o'zgartirishi mumkin.
Agar Yangi Zelandiya tarixiy g'alabaga erishsa, bu katta sensatsiya bo'ladi.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 0,1%