Belgiya FIFA’dan Balogun ishi bo‘yicha izoh kutmoqda
Belgiya futbol federatsiyasi Folarin Balogunning JCh-2026 vaqtida olgan qizil kartochkasi bilan bog‘liq bahsli qaror yuzasidan FIFA’dan hanuzgacha aniq javob olmaganini ma’lum qildi. Federatsiya ushbu masalaga yetarlicha izoh berilmasa, Janni Infantinoning FIFA prezidenti lavozimiga qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.
Balogun AQSH terma jamoasining Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvida qizil kartochka olgan va reglamentga ko‘ra Belgiyaga qarshi nimchorak final bahsini o‘tkazib yuborishi kerak edi. Biroq FIFA uning avtomatik bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasini to‘xtatib, futbolchiga Belgiyaga qarshi maydonga tushishga ruxsat berdi. Qaror AQSH prezidenti Donald Tramp FIFA rahbari Janni Infantinodan vaziyatni qayta ko‘rib chiqishni so‘raganidan keyin qabul qilingani katta bahslarga sabab bo‘ldi.
Belgiya federatsiyasi qaror qanday asosda qabul qilingani va kelajakda shunga o‘xshash holatlarga qanday yondashilishi bo‘yicha tushuntirish talab qilmoqda. Masalani 15-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan FIFA kengashi yig‘ilishi kun tartibiga kiritish so‘ralgan. Belgiyaliklar FIFA boshqaruvidagi shaffoflik bilan bog‘liq boshqa masalalarni ham ko‘tarib, Infantinoga bo‘lgan ishonch masalasini ochiq qoldirmoqda.