locale OZ

Bekzod Mamatqulov: Tartib intizom yo‘q joyda rivojlanish bo‘lmaydi

Professional futzal klubi bilan shartnomasi bor futzalchining boshqa jamoada o‘ynashini oqlab bo‘lmaydi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Bekzod Mamatqulov: Tartib intizom yo‘q joyda rivojlanish bo‘lmaydi
photo: UFF

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston milliy chempionatida to‘p surayotgan futzalchilarning turli tijorat musobaqalarida boshqa jamoalar nomidan maydonga tushayotganligi haqidagi xabarlar, video lavhalar tarqalmoqda. Bu yaxshi ish emas. Professional futzal klubi bilan shartnomasi bor futzalchining boshqa jamoada o‘ynashini oqlab bo‘lmaydi. Ayniqsa, terma jamoaga nomzod futzalchilarga yarashmaydigan holat. Ayrim holatlarni bu yerda ochiqlashni xohlamayman.

Hamma narsaning chegarasi bor, albatta. Men futzalni kecha yoki bugun ko‘rayotganim yo‘q. Ancha yillardan buyon shu oilaning ichidaman. Tegishli chora ko‘ramiz. Tartib, intizom yo'q joyda rivojlanish, natija bo‘lmaydi.

Men avvalgi holatlarni yaxshi bilaman. Bu lavozimga kelganimda ayrim jamoalarda yillab oylik maosh olmagan o'yinchilar bor edi. Ozmi, ko‘pmi ishlarni bitta tizimga qo‘yib bormoqdamiz. Oxirgi paytlarda klublarda yuzaga kelayotgan vaziyatlardan to‘liq xabardormiz. Yuqori tizimdagi islohotlar sabab maoshlar va mukofot pullari kechikkan bo‘lsa-da, oxirigacha to‘lab beriladi.

Yangi mavsumda yangi tizimni joriy qilishga harakat qilayapmiz. Jim o‘tirganimiz yo‘q!!

O‘zbekiston futzal federatsiyasining ijtimoiy tarmoqlarini kuzatib boraman. U yerda muxlislar tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarga befarq emasman. Jo‘yali, amaliyotga tatbiq etsa bo‘ladigan fikrlar, takliflarni albatta qabul qilamiz. Ammo, so‘nggi paytlarda negativ postlar ham uchrayapti. Ismi yashiringan, noma’lum akkauntlardan qo‘yilayotgan postlar to‘g‘risi ko‘pchilikning g‘ashini keltirmoqda. Futzalni rivojlantirish yo‘lida g‘ayrat bilan ishlayotgan fidoyilarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham bor gap.

Biz yuqori maqsadlarni ko‘zlab yo‘lga tushganmiz. Milliy terma jamoamizning Osiyoda yetakchi bo‘lishini xohlaymiz. Shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, futzalchilarimiz Osiyo kubogini boshlari uzra baland ko‘tarishlari yo‘lida Federatsiya tomonidan talab etiladigan barcha kuch va mehnatimizni safarbar etishga bel bog‘laganmiz.

O‘zbekistongning nafaqat Osiyoda, balki Jahon futzalida ham o‘z o‘rniga, nufuziga ega bo‘lishi yo‘lida tinimsiz ishlash, izlanishga tayyormiz. Osiyo futzalida yetakchilikni qo'lga olish uchun jahonning taniqli, kuchli mutaxassislaridan biri Xose Mariya Mendesni yurtimizga olib keldik va ikki yillik shartnoma imzoladik.

Albatta, bunday yuksak maqsad va vazifalarga erishish oson emas. Va bu ishlar bitta, ikkita insonning qo‘lidan kelmaydi. Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda, jipslashib faoliyat yuritsak, har qanday cho‘qqiga chiqishimiz, dovonlarni zabt etishimiz oson kechadi. Siz aziz futzal muxlislari, fidoyilaridan ham bu yo‘lda biz bilan hamfikr, hamjihat bo'lib, qo‘llab quvvatlashlaringizni so‘rab qolardim. Foydali taklif va mulohazalar uchun biz doimo ochiqmiz.

Shu o'rinda, kelayotgan dushanba kuni O'zbekiston futzal federatsiyasining kengaytirilgan yig'ilishi rejalashtirilganini, unda futzalimiz oldida turgan dolzarb masalalar ko'rib chiqilishini ham aytib o'tmoqchiman.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting