Bektemir Meliqo‘ziyev WBA chempionlik kamari uchun majburiy da’vogarga aylandi
O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev WBA talqinida super o‘rta vazn toifasida jahon chempionlik kamari uchun rasmiy majburiy da’vogar maqomini oldi. Tashkilot amaldagi chempion meksikalik Xayme Munguiaga kamarini Meliqo‘ziyevga qarshi himoya qilish majburiyatini yukladi. Bu haqda WBA rasmiy sayti xabar bermoqda.
WBA qaroriga ko‘ra, bokschilar jamoalariga jang shartlari bo‘yicha kelishib olish uchun 21-oktabrgacha vaqt berilgan. Agar tomonlar kelishuvga erisha olmasa, tashkilot jangni o‘tkazish huquqi uchun promouterlar o‘rtasida ochiq savdo — purse bid e’lon qilishi mumkin.
Munguia 2026-yil 2-may kuni Las-Vegasda Xose Armando Resendisni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etib, WBA kamarini qo‘lga kiritgan. Meliqo‘ziyev esa ayni paytda WBA reytingida super o‘rta vazn toifasida 1-o‘rinda turibdi va chempionning rasmiy majburiy da’vogari hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Bektemir Meliqo‘ziyev 1996-yil 8-aprelda Qo‘qonda tug‘ilgan. U Rio-2016 Olimpiadasining kumush medali sovrindori, ikki karra jahon chempionati sovrindori va ikki karra Osiyo chempioni hisoblanadi.