Bekobodga katta futbolni qaytarish yo‘lida
Bekobod shahrida joylashgan “Metallurg” futbol akademiyasi katta murabbiyi Ilyos Qurbanov O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi Milliy futbol markazida bo‘ldi. Tashrif davomida murabbiy UFA texnik direktori Giy Kiala hamda UFA Nufuzli yoshlar futbolini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bahrom Umarov bilan uchrashdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan suhbat chog‘ida tomonlar Bekobodda futbol infratuzilmasini mustahkamlash, yosh futbolchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va akademiya faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, UFA va “Metallurg” akademiyasi o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda iqtidorli yoshlardni aniqlash borasida muzokara olib borildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlikni mustahkamlash, futbolchilar tayyorlash jarayonida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda Bekobod futbolini yuqori saviyada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalarni belgilab oldilar.