Bekhem Buyuk Britaniya qiroli tomonidan ritsarlik unvoni bilan taqdirlandi
Angliya milliy jamoasining sobiq sardori, «Real» va «MYU» klublarining afsonasi Devid Bekhem Buyuk Britaniya qiroli Karl III tomonidan ritsarlik unvoni bilan taqdirlandi. Marosim 4 noyabr kuni ertalab boʻlib oʻtdi.
Mazkur yuksak unvon Bekhemga sportdagi xizmatlari va xayriya faoliyati uchun berildi. U 2005 yildan buyon UNISEF'ning ezgu niyatlar elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
2015 yilda esa u «7 Fund» nomli oʻzining xayriya jamgʻarmasini tashkil etgan boʻlib, u butun dunyodagi nochor bolalarga yordam koʻrsatishga qaratilgan.
Futbolchilik faoliyati davomida Bekhem «MYU», «Real», «Preston», «Los-Anjeles Gelaksi», «Milan» va «PSJ» klublari sharafini himoya qilgan. U professional futbolni 2013 yilda yakunlagan, hozir esa «Inter Mayami» klubi prezidenti hisoblanadi.