“Bavariya” Olisega kelajagi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun yozgacha vaqt berdi
Myunxenning “Bavariya” klubi Maykl Olisega yangi shartnoma bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish uchun kelasi yozgacha vaqt berdi. Klub rahbariyati fransiyalik futbolchi bilan uzoq muddatli kelishuv tuzmoqchi, biroq muzokaralardagi asosiy masala yangi shartnomaga tovon puli bandini kiritish talabi bo‘lib turibdi. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Olise tomoni yangi shartnomaga futbolchini ma’lum summa evaziga qo‘yib yuborishga imkon beruvchi band kiritilishini istamoqda. “Bavariya” esa odatda bunday shartlarga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Klub Olisening amaldagi 2029-yilgacha mo‘ljallangan shartnomasini 2032-yilgacha uzaytirishni va uning maoshini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda.
Olise bilan bog‘liq vaziyat fonida unga Madridning “Real” klubi ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan. “Bavariya” rahbariyati esa hozircha futbolchini sotishni rejalashtirmayapti. Shu sabab tomonlar kelasi yozgacha muzokaralarni davom ettirib, kelajak bo‘yicha yakuniy qarorga kelishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 24 yoshli Maykl Olise 2026/27 mavsumida Bundesliga doirasida 4 ta uchrashuvda 303 daqiqa maydonda harakat qilib, 4 ta gol va 1 ta golli uzatma qayd etdi. Chempionlar ligasida esa 1 ta uchrashuvda 2 ta gol urib, 1 ta assist amalga oshirdi. Olisening “Bavariya” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilning 30-iyuniga qadar mo‘ljallangan.