«Bavariya» Kodi Gakpo transferidan voz kechdi
«Bavariya» o‘tgan yozda «Liverpul» vingeri Kodi Gakpoga qiziqish bildirganiga qaramay, 26 yoshli futbolchini sotib olish fikridan voz kechdi. Bu haqda Football Insider nashri xabar bermoqda.
Myunxen klubining bunday qarorga kelishiga jamoaning boshqa bir hujumchisi — Luis Diasning joriy mavsumdagi ajoyib o‘yini sabab bo‘lgan. Kolumbiyalik futbolchi o‘tgan yozda aynan «Liverpul»dan «Bavariya»ga ko‘chib o‘tgan edi. Diasning muvaffaqiyatli harakatlari fonida nemis grandi Gakpo transferiga ehtiyoj sezmadi.
Joriy mavsumda niderlandiyalik hujumchi barcha turnirlarda 34 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol va 4 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Gakponing «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining ayni damdagi bozor qiymati 70 million yevroni tashkil etadi.