“Bavariya” Kim Min Jening kelajagini muhokama qiladi
“Bavariya” rahbariyati markaziy himoyachi Kim Min Je bilan uning klubdagi kelajagi yuzasidan muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Yozda transferga nomzod sifatida ko‘rilgan janubiy koreyalik futbolchining jamoadagi holati so‘nggi haftalarda sezilarli darajada yaxshilangan. Bu haqda Sport Bild nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Bavariya” vakillari kuz davomida Kim Min Je bilan uchrashib, uning kelajakdagi o‘rni va rejalarini muhokama qiladi. Himoyachi Vensan Kompani qo‘l ostida yana ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘la boshlagani klub rahbariyatining unga nisbatan munosabatini o‘zgartirgan.
Yozgi transfer oynasida “Bavariya” munosib taklif kelib tushsa, Kim Min Jeni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor edi. Biroq futbolchi jamoadagi o‘rni uchun kurashishni davom ettirdi va yangi mavsum boshida yana asosiy tarkib uchun jiddiy raqobatga qaytdi. Hozircha bo‘lajak uchrashuv yangi shartnoma imzolanishini anglatmaydi — tomonlar avvalo futbolchining klubdagi kelajagini muhokama qiladi.
Ma’lumot uchun, Kim Min Je “Bavariya”ga 2023-yil yozida “Napoli”dan kelib qo‘shilgan. Uning Myunxen klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan. Joriy mavsumning dastlabki 6 ta rasmiy uchrashuvidan 4 tasida maydonga tushib, 353 daqiqa harakat qilgan.