“Bavariya” Keynning ehtimoliy o‘rinbosarini Braziliyadan topdi
“Bavariya” hujum chizig‘ini kelajak uchun kuchaytirish maqsadida “Kruzeyro” forvardi Kayu Jorjeni kuzatmoqda. Insayder Ekrem Konurning ma’lumotiga ko‘ra, Myunxen klubi 24 yoshli braziliyalikni Garri Keynning uzoq muddatli ehtimoliy o‘rinbosarlaridan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Jorjega Bundesliganing yana bir vakili — “Bayer” ham qiziqish bildirmoqda. Bundan tashqari, “Milan”, “Benfika”, “Fiorentina” va “Aston Villa” ham futbolchining holatini kuzatib bormoqda. “Kruzeyro” esa hujumchisi uchun 40–45 million yevro atrofida mablag‘ talab qilishi mumkin.
Kayu Jorje avval Yevropada “Yuventus” safida o‘ynagan, biroq Italiyada o‘zini to‘liq namoyish eta olmagan va keyinchalik Braziliyaga qaytgan. Joriy Braziliya chempionatida u 19 uchrashuvda 7 ta gol urgan. “Bavariya”ning qiziqishi hozircha transfer muzokaralari bosqichiga o‘tmagan va gap futbolchini kuzatish hamda kelajak uchun variant sifatida baholash haqida ketmoqda.