“Bavariya” Keyn bilan shartnomani uzaytirishga yaqin
“Bavariya” hujumchisi Harri Keyn Myunxen klubi bilan yangi shartnoma imzolashga yaqin. Klub sport direktori Maks Eberl tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy davom etayotganini ma’lum qildi. Yangi kelishuv 2029-yil yozigacha mo‘ljallanishi kutilmoqda.
Eberlning so‘zlariga ko‘ra, Keyn “Bavariya”da qolishni istamoqda, klub esa hujumchi bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida. Hozircha kelishuvning ayrim tafsilotlarini aniqlashtirish kerak.
33 yoshli angliyalik futbolchi “Bavariya” safida uch mavsum davomida yuqori natijadorlik ko‘rsatdi. U nemis klubi tarkibida 146 ta gol urib, 33 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Ma’lumot uchun, Keynning “Bavariya” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozida yakunlanadi. Tomonlar yangi bitim bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishsa, hujumchi klubda 2029-yilgacha qoladi.