«Bavariya» Keyn bilan shartnomani uzaytirish masalasini koʻrib chiqmoqda
Myunxenning «Bavariya» klubi rahbariyati jamoa hujumchisi Harri Keyn bilan amaldagi shartnoma shartlarini yaxshilash va muddatini uzaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Germaniyaning Bild nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, klub bosh direktori Yan-Kristian Drezen angliyalik forvardning oilasi bilan hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha dastlabki muzokaralarni boshlab yuborgan. Keynning myunxenliklar bilan hozirgi kelishuvi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
«Bavariya» mutasaddilari Keynning nafaqat maydondagi sermahsulligini, balki uning professionalligi hamda shaxsiy fazilatlarini ham yuqori baholamoqda. Klub rahbariyati hujumchining jamoa uchun qanchalik muhim ekanini alohida e’tirof etish maqsadida unga yanada manfaatliroq moliyaviy shartlarni taklif qilishga tayyor.
Harri Keyn «Bavariya» safiga kelib qo‘shilganidan buyon barcha musobaqalarda jami 133 ta o‘yinda maydonga tushdi. O‘tgan davr mobaynida u o‘z hisobiga 130 ta gol va 31 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.