«Bavariya» Keyn bilan shartnomani uzaytirish boʻyicha muzokaralarni boshladi
Myunxenning «Bavariya» klubi hujumchi Harri Keyn bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshladi. Bu haqda jurnalist Florian Plettenberg ma’lum qildi.
Manba xabariga ko‘ra, tomonlar muddati 2028 yoki 2029 yilgacha mo‘ljallangan yangi mehnat shartnomasini muhokama qilmoqda. Myunxenliklar sport direktori Maks Eberl ham ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
«Biz Harri bilan muzokaralar olib boryapmiz», — deya Eberlning so‘zlarini keltiradi jurnalist.
Qayd etilishicha, futbolchining o‘zi ham hozirgi jamoasida qolishni istamoqda. Keynning «Bavariya» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, angliyalik hujumchining hozirgi bozor qiymati 65 million yevroni tashkil etadi.
Harri Keyn 2023 yilda «Bavariya» safiga kelib qo‘shilgan. Shu vaqt davomida u klub safida 126 ta uchrashuvda maydonga tushib, 119 ta gol urdi va 30 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.