«Bavariya» ikki nafar futbolchisi bilan shartnomani uzaytirmoqchi — manba
Myunxenning «Bavariya» klubi vinger Serj Gnabri va qanot himoyachisi Konrad Laymer bilan shartnomalarni uzaytirishni rejalashtirmoqda. Sky Sport Germany nashrining xabar berishicha, klub rahbariyati jamoa uchun muhim bo‘lgan ushbu ikki futbolchi bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida.
2018 yildan buyon «Bavariya» safida to‘p surib kelayotgan Gnabrining amaldagi shartnomasi mavsum yakunida o‘z nihoyasiga yetadi. Tomonlar o‘rtasida tuzilishi kutilayotgan yangi kelishuv 2028 yil yozigacha mo‘ljallanadi. Laymer bilan shartnoma esa 2027 yil yozida tugaydi. Uning yangi bitimi muddati hozircha rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, hamkorlik 2029 yilgacha uzaytirilishi kutilmoqda.
Ayni paytda «Bavariya» Germaniya Bundesligasi turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. Jamoa 15 ta o‘yindan so‘ng 41 ochko jamg‘argan bo‘lib, ikkinchi o‘rindagi raqibdan to‘qqiz ochko oldinda bormoqda.