«Bavariya» Igor Tyagoni oʻz safiga qoʻshib olishni rejalashtirmoqda
«Brentford»ning braziliyalik hujumchisi Igor Tyago Myunxenning «Bavariya» klubi short-listidan o‘rin oldi. Germaniya grandi 24 yoshli forvardni Harri Keynning uzoq muddatli vorisi sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda jurnalist va insayder Ekrem Konur xabar berdi.
Hujumchiga myunxenliklardan tashqari «Manchester Siti» va «Chelsi» kabi jamoalar ham qiziqish bildirmoqda. E’tiborli jihati, Igor Tyago kecha, 13 fevral kuni «Brentford» bilan 2031 yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolagan edi.
Joriy mavsumda braziliyalik futbolchi Angliya Premyer-ligasida 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 17 ta gol va bitta golli uzatmaga mualliflik qildi. Shuningdek, uning hisobida Angliya liga kubogidagi bitta o‘yin va bitta gol ham mavjud.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 35 million yevroni tashkil etadi.