«Bavariya» Fil Fodenga qiziqish bildirmoqda
Myunxenning «Bavariya» klubi rahbariyati «Manchester Siti» hujumkor yarim himoyachisi Fil Fodenni sotib olishni ko‘zlamoqda. Myunxenliklar allaqachon futbolchining vakillari bilan aloqaga chiqishga ulgurishgan. O‘z navbatida, «Siti» Fodenni «Etihad»da olib qolish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Angliya klubi rahbariyati Foden bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarni faollashtirgan. «Manchester Siti» «Bavariya» tomonidan bo‘layotgan qiziqishdan xabardor va futbolchini yangi kelshuvga ko‘ndirish orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga intilmoqda.
Fodenning o‘zi Manchesterda qolishga qarshi emas, biroq u amaldagi shartnomasiga nisbatan yaxshiroq moliyaviy sharoitlar talab qilmoqda. Manbaning ta’kidlashicha, «shaharliklar» rahbariyati futbolchini jamoada saqlab qolish uchun katta ehtimol bilan uning shartlarini qabul qiladi.
Fil Foden — «Manchester Siti» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, u 2017 yilda klubning yoshlar jamoasidan asosiy tarkibga o‘tgan edi. Joriy mavsumda u «shaharliklar» safida 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 80 million yevroga baholamoqda.