«Bavariya» 25-marta Germaniya Kubogi finaliga chiqdi
Myunxenning «Bavariya» klubi Germaniya Kubogi yarimfinalida Leverkuzenning «Bayer» jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida 25-marta musobaqa finaliga yo‘llanma oldi.
Myunxenliklar ushbu turnirda g‘alaba qozonish bo‘yicha mutlaq yetakchi hisoblanishadi — ularning hisobida 20 ta titul mavjud.
Chorak final bosqichida «Bavariya» «RB Leypsig»dan 2:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, «Bayer» o‘z navbatida «Sankt-Pauli»ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi.
Germaniya Kubogi yarimfinalining ikkinchi juftligida «Shtutgart» va «Frayburg» jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishadi. Ushbu uchrashuv bugun, 23 aprelga rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya kubogining amaldagi g‘olibi «Shtutgart» jamoasi hisoblanadi. Ular 2024/2025-yilgi mavsum finalida «Arminiya»ni 4:2 hisobida taslim etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritishgan edi.