«Bavariya» 19 yoshli braziliyalik himoyachiga qiziqish bildirmoqda
Myunxenning «Bavariya» klubi Braziliyaning «Vasko da Gama» jamoasida to‘p surayotgan 19 yoshli qanot hujumchisi Rayanga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda UOL nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, myunxenliklar futbolchini anchadan buyon kuzatib kelayotgan edi, so‘nggi paytlarda esa uning vakillari bilan aloqalarni yanada faollashtirgan. «Vasko da Gama» rahbariyati «Bavariya»ning qiziqishidan xabardor va rasmiy taklifni kutmoqda.
Qayd etilishicha, nemis klubi Rayanning yaqin atrofidagilardan ijobiy signal olgan. Futbolchining o‘zi Yevropaga ko‘chib o‘tishni istamoqda va aynan «Bavariya»ni faoliyatini davom ettirishni xohlayotgan klub sifatida ko‘rmoqda.
Braziliya klubi Rayanni 50 mln yevro atrofida baholamoqda, biroq 45 mln yevrodan biroz past summa bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan.
Rayan 2023 yil yozidan buyon «Vasko da Gama»ning asosiy jamoasida to‘p surib kelmoqda. Shu vaqt ichida u barcha musobaqalarda 97 ta uchrashuvda ishtirok etib, 23 ta gol va 2 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil oxirigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning hozirgi bozor qiymati 25 mln yevroni tashkil etadi.