Baumgartner JCH-2026ni o’tkazib yuboradi
“RB Leyptsig” va Avstriya terma jamoasi yarim himoyachisi Kristof Baumgartner son jarohati tufayli 2026-yilgi jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi.
“Kristof Baumgartner milliy terma jamoa tarkibida jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi. Bu bugungi MRT tekshiruvidan so‘ng tasdiqlandi. 26 yoshli futbolchi o‘ng son mushagidan jarohat oldi. Senga eng yaxshi tilaklarni tilaymiz, Baumi!” – deb xabar beradi Avstriya terma jamoasining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkaunti.
Mavsum yakunlariga ko‘ra, Baumgartner klub va terma jamoa safida 43 ta o‘yin o‘tkazib, ularda 18 ta gol urdi va sakkizta golli uzatmani amalga oshirdi.
Jahon chempionatida Avstriya terma jamoasi J guruhida Argentina, Jazoir va Iordaniya jamoalari bilan o‘ynaydi.
2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatining final bosqichida 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Musobaqalar 2026-yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.