\"Bashakshehir\" taqdiriy bahs oldidan: Shomurodov asosiy tarkibda, Fayzullaev zaxiradan maydonga tushishi mumkin
O‘zbekiston terma jamoasi etakchilari — Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev to‘p surayotgan "Istanbul Bashakshehir" bugungi kecha UEFA Konferensiyalar ligasi pley-off bosqichi doirasida hal qiluvchi bahsni o‘tkazadi.
Istanbul klubi avvalgi bosqichlarda Bolgariyaning "Cherno More" va Norvegiyaning "Viking" jamoalarini musobaqadan chiqarib yuborgandi. Ammo pley-offning so‘nggi to‘sig‘ida ular Ruminiyaning kuchli klubi — "Universitya Kraiova"ga qarshi bahs olib bormoqda. Turkiyada o‘tgan ilk uchrashuvda "Bashakshehir" kutilmagan mag‘lubiyatga uchrab, 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. Endilikda barcha narsa Ruminiyada kechadigan javob bahsiga bog‘liq.
Jamoa bosh murabbiyi Chag‘dash Atan uchrashuv oldidan jurnalistlar bilan suhbatda ilk o‘yinda yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida to‘xtalib o‘tdi:
«Birinchi bahsda mag‘lubiyatdan afsusdamiz. Biz to‘pni ko‘proq nazorat qildik, ammo undan samara chiqara olmadik. Ikki gol o‘tkazib yubordik va xulosa chiqarishimiz shart. Javob uchrashuvi og‘ir bo‘ladi, ammo maqsadimiz aniq — g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l olish».
Fayzullaev haqida alohida
Murabbiy Abbosbek Fayzullaevning holati haqida ham fikr bildirdi:
«Abbos uzoq vaqtdan beri rasmiy uchrashuvlarda qatnashmagani uchun sport formasiga to‘liq kirish jarayonida. Uning tayyorgarligi kundan-kunga yaxshilanmoqda. Yaqin orada yuz foiz holatga kelib, jamoaga katta yordam beradi. Men unga ishonaman».
Turk matbuotiga ko‘ra, bo‘ladigan o‘yinda Eldor Shomurodov asosiy tarkibdan maydonga tushishi, Abbosbek Fayzullaev esa ikkinchi taymda zaxiradan o‘yinga qo‘shilishi kutilmoqda.