Bartomeu: «Neymar ketganidan so‘ng Messini 400 million yevroga sotib olmoqchi bo‘lgan klub bor edi»
«Barselona» klubi sobiq prezidenti Xosep Mariya Bartomeu braziliyalik vinger Neymar jamoani tark etganidan so‘ng, nomi oshkor qilinmagan klub hujumchi Lionel Messi uchun 400 million yevro to‘lashga tayyor bo‘lganini ma’lum qildi.
«Neymar ketganidan keyin Messi uchun 400 million yevro to‘lashni istagan jamoa bor edi. Bu qaysi klub ekanligini aytmoqchi emasman, lekin bu «Manchester Siti» emas. Shundan so‘ng biz Leo va uning otasi bilan ushbu masala bo‘yicha gaplashib oldik — biz futbolchining shartnomasidagi tovon puli miqdorini oshirishimiz kerak edi», — dedi Bartomeu.
Eslatib o‘tamiz, Neymar 2017 yilda Kataloniya klubini tark etib, PSJga o‘tgan edi. 2021 yilda esa Lionel Messi ham erkin agent maqomida «Barselona»dan Parij klubiga ko‘chib o‘tdi.