«Barselona»ning yozdagi asosiy transfer maqsadi maʼlum boʻldi
«Barselona» Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvaresni 2026 yil yozida oʻz safiga qoʻshib olmoqchi. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, kataloniyaliklar kelgusi yozgi transfer oynasida argentinalik forvardni qoʻlga kiritish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Biroq bitim faqat Ispaniya La Ligasining moliyaviy feyr-pley talablari to‘liq bajarilgan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin.
«Barselona» rahbariyati Alvaresni yana bir janubiy amerikalik hujumchi — Luis Suaresga qiyoslamoqda va u uchun xuddi shu miqdorda, ya’ni 82 million yevro to‘lashga tayyor.
Joriy mavsumda Xulian Alvares barcha musobaqalarda «Atletiko» safida 27 ta uchrashuvda maydonga tushib, 11 ta gol va beshta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 100 million yevroga baholamoqda.