«Barselona» «yangi Neymar»ga xaridor bo‘lmoqda
«Barselona» klubi «Atletiko Mineyro» jamoasining 16 yoshli qanot hujumchisi Gabriel Venenoga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda nufuzli AS nashri xabar tarqatdi. Manbaga ko‘ra, ispan matbuoti yosh vingerning o‘yin uslubini mashhur yulduz — «yangi Neymar»ga qiyoslamoqda. Braziliya klubi esa o‘z iqtidori uchun kamida 20 million yevro tovon puli talab qilishi kutilmoqda.
Amaldagi transfer qoidalariga ko‘ra, agar Kataloniya klubi Venenoni sotib oladigan bo‘lsa ham, futbolchi 18 yoshga to‘lguniga qadar «ko‘k-anorranglilar» safida maydonga tusha olmaydi. Braziliyalik hujumchi voyaga yetganidan keyingina «blaugrana»ning yoshlar jamoasida rasman ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda 16 yoshli iqtidorli forvard «Atletiko Mineyro»ning 17 yoshgacha bo‘lgan (U17) yoshlar jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Gabriel Veneno joriy mavsumda o‘z jamoasi safida hozircha to‘rtta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurdi.