“Barselona” yangi markaziy hujumchi topdi
Ispaniyaning “Barselona” klubi hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida Belgiyaning “Bryugge” jamoasi hujumchisi Nikolo Trezoldini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Kataloniyaliklar 22 yoshli futbolchini kelasi mavsum uchun asosiy transfer maqsadlaridan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, germaniyalik hujumchiga Londonning “Arsenal” klubi ham qiziqish bildirmoqda. “Barselona” yozgi transfer oynasidayoq Trezoldining o‘yinlarini kuzatgan va uning rivojlanishini nazorat qilishda davom etmoqda. Har ikki klub futbolchini kelasi yozda sotib olish imkoniyatini o‘rganmoqda.
Trezoldi 2025-yil yozida Germaniyaning “Gannover” klubidan “Bryugge”ga transfer qilingan. Uning Belgiya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilning iyunigacha mo‘ljallangan. Hozircha futbolchining transferi bo‘yicha rasmiy taklif yuborilgani haqida ma’lumot yo‘q. Hujumchining transfer qiymati taxminan 35 million yevroga baholanmoqda.
Ma’lumot uchun, Nikolo Trezoldi 2025/26-yilgi mavsumda Belgiya chempionatida 40 ta uchrashuvda maydonga tushib, 19 ta gol urgan va 5 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Shuningdek, u Germaniya yoshlar terma jamoasi safida ham to‘p suradi.