‘‘Barselona’’ yana La Liga boshqaruviga qaytdi
Ispaniyaning ‘‘Barselona’’ klubi bir necha yillik tanaffusdan so‘ng La Liganing eng muhim boshqaruv organlaridan biri — Vakillar komissiyasi tarkibiga qaytdi. Ushbu tuzilma chempionatning strategik rivojlanishi, moliyaviy masalalar va muhim qarorlarni muhokama qilishda katta vakolatlarga ega. La Liga 16-oktabr kuni komissiyaning yangilangan tarkibini rasman e’lon qildi. Bu haqda La Liga rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, yangi tarkibdan ‘‘Barselona’’, ‘‘Real Madrid’’, ‘‘Sevilya’’, ‘‘Betis’’, ‘‘Alaves’’ va ‘‘Vilyarreal’’ klublari joy olgan. Mazkur olti jamoa birinchi divizion vakillari sifatida komissiyada faoliyat yuritadi. Nomzodlar soni ajratilgan o‘rinlarga teng bo‘lgani sababli qo‘shimcha ovoz berish o‘tkazilmagan. ‘‘Real Madrid’’ komissiyadagi o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa, ‘‘Barselona’’ qariyb ikki yillik tanaffusdan keyin ushbu tuzilmaga qaytgan.
‘‘Barselona’’ avvalroq La Liga rahbariyati bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklar sabab komissiyani tark etgan edi. Endilikda kataloniyaliklar chempionatning muhim qarorlarini muhokama qilishda yana bevosita ishtirok etadi. Komissiya tarkibida ‘‘Real Madrid’’ va ‘‘Atletiko Madrid’’ vakillarining ham bo‘lishi kelgusi yig‘ilishlarda keskin bahslarga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, La Liga prezidenti Xavyer Tebas va ‘‘Real Madrid’’ o‘rtasidagi ziddiyatlar so‘nggi kunlarda yanada kuchaygan.
Ma’lumot uchun, La Liga Vakillar komissiyasi chempionatning boshqaruv va ma’muriy faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Unda ayrim strategik masalalar umumiy yig‘ilishsiz ham hal qilinishi mumkin. Yangi tarkibda ‘‘Atletiko Madrid’’ bosh direktori Migel Anxel Xil Marin La Liganing birinchi vitse-prezidenti lavozimini saqlab qolgan. ‘‘Eybar’’ vakili Ion Ander Ulasiya esa ikkinchi vitse-prezident etib tayinlangan. Ikkinchi divizion klublarining komissiyadagi vakillari esa hozircha aniqlanmagan.