«Barselona» yana «Kamp Nou»ni tark etishi mumkin — manba
Kataloniyaning «Barselona» klubi yangi tom o‘rnatish ishlari sababli yana vaqtincha «Kamp Nou» stadionini tark etishi mumkin. Bu haqda Diari ARA nashri xabar bermoqda.
2027 yilning yoziga rejalashtirilgan tom qismini montaj qilish jarayoni kutilganidan ko‘proq vaqt talab etishi ma’lum bo‘ldi. Dastlab klub rahbariyati ushbu ishlarni to‘rt yarim oyda yakunlashni rejalashtirgan edi, biroq muhandislar bu jarayon yetti oygacha davom etishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ushbu muddat davomida arenada rasmiy uchrashuvlarni o‘tkazishning imkoni bo‘lmaydi.
Klubning operatsion direktori Joan Sentellesning so‘zlariga ko‘ra, «Barselona» stadionni ta’mirlash uchun bo‘shatish maqsadida 2026/2027 yilgi mavsumning so‘nggi uchta turini va kelasi chempionatning dastlabki uchta o‘yinini mehmonda o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Agar qurilish ishlari cho‘zilib ketsa, jamoa vaqtincha «Estadi Yoxan Kruiff»ga ko‘chib o‘tishi yoki yana «Monjuik» stadioniga qaytishi mumkin. Biroq «Monjuik» varianti moliyaviy xarajatlar sababli nomaqbul hisoblanadi. «Estadi Yoxan Kruiff» arenasi esa hozircha La Liga talablariga (kamida 15 ming o‘rin) javob bermaydi. Shu sababli klub prezidenti Joan Laporta ushbu stadion sig‘imini 6 mingdan 16 mingga qadar oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, ammo buning uchun shahar ma’murlaridan ruxsat olish talab etiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, yaqinda yangilangan «Kamp Nou» qisman ochilgan edi — «Sevilya»ga qarshi kechgan uchrashuvni stadionda 60 mingga yaqin tomoshabin bevosita kuzatib bordi.