«Barselona» va «Man Siti» Nataniel Braunga qiziqish bildirmoqda
«Barselona» va «Manchester Siti» klublari «Ayntraxt»ning chap qanot himoyachisi Nataniel Braunning harakatlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
Manbaning yozishicha, Frankfurt klubi 22 yoshli futbolchining transferi uchun kamida 65 million yevro talab qilmoqda. Avvalroq, ushbu iqtidorli himoyachiga «Manchester Yunayted» tomonidan ham qiziqish borligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.
Joriy mavsumda Braun barcha turnirlarda 30 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 6 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining ayni damdagi bozor qiymati 35 million yevroni tashkil etadi. Shunday bo‘lsa-da, «Ayntraxt» o‘z yulduzini ancha yuqori narxda sotishni rejalashtirmoqda.