«Barselona» va «Jirona» uchrashuvida ishlagan VAR hakami jazolanadi
Ispaniya La Ligasi hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA) «Jirona» va «Barselona» uchrashuvida yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xatolik tufayli VAR hakamini jazolashga qaror qildi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Gap uchrashuvning 86-daqiqasida «Jirona» yarimhimoyachisi Klaudio Echeverrining «Barselona» himoyachisi Jyul Kundega nisbatan ishlatgan folini o‘rganib chiqqan, biroq bosh hakamni monitorni ko‘rishga chaqirmagan hakam haqida bormoqda. O‘sha vaziyatda Echeverri raqibining oyog‘iga butsasi bilan zarba bergan, shundan so‘ng hujum davom etib, «Jirona» g‘alaba golini kiritgan edi.
Manbaning ma’lum qilishicha, CTA Echeverrining Kundega nisbatan harakati qoidabuzarlik deb topilishi va Beltranning goli bekor qilinishi lozim bo‘lganini tan olgan. Shu sababli, VAR bosh hakami David Galves Raskon keyingi qarorgacha hakamlikdan chetlatildi.