«Barselona» va «Atletiko» Romeroga qiziqish bildirmoqda
Londonning «Tottenhem» klubi markaziy himoyachisi va jamoa sardori Kristian Romero faoliyatini Ispaniya chempionatida davom ettirishi mumkin. TEAMtalk nashri xabariga ko‘ra, ayni damda «Barselona» va Madridning «Atletiko» klublari 27 yoshli argentinalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Mazkur transferning asosiy sababi sifatida futbolchining niyati ko‘rsatilmoqda: jahon chempioni bo‘lgan Romero muntazam ravishda Chempionlar Ligasida g‘oliblik uchun kurashadigan jamoada o‘ynashni istamoqda va shu maqsadda «shporlar» lagerini tark etishga tayyorligini bildirdi.
Biroq, «Tottenhem» o‘z yetakchisini osongina qo‘yib yubormoqchi emas. Manbaga ko‘ra, londonliklar Romeroning transferini kamida 70-80 million funt sterling (taxminan 80-90 million yevro) evaziga ko‘rib chiqishlari mumkin. E’tiborli jihati shundaki, futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar imzolangan, bu esa «Tottenhem»ga muzokaralarda o‘z shartini qat’iy qo‘yish imkonini beradi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Kristian Romero joriy mavsumda nafaqat himoyadagi ishonchli o‘yini, balki sermahsulligi bilan ham barchani hayron qoldirmoqda. U hozirga qadar barcha turnirlarda 27 ta uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt portali himoyachining bozor qiymatini 60 million yevroga baholayotgan bo‘lsa-da, real bozorda uning narxi ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda.