«Barselona» UEFA Chempionlar Ligasida tarixiy rekord oʻrnatdi
«Barselona» klubi o‘z tarixida uchinchi bor UEFA Chempionlar Ligasining bitta uchrashuvida raqib darvozasiga yetti marotaba yo‘l topishga muvaffaq bo‘ldi.
OptaJose ma’lumotlariga ko‘ra, kataloniyaliklar avvalroq 2012 yilning mart oyida 1/8 final doirasidagi «Bayer»ga qarshi bahsda (7:1) hamda 2016 yilning sentyabr oyida guruh bosqichidagi «Seltik» bilan o‘yinda (7:0) shunday natija qayd etgan edilar.
Chempionlar Ligasining 2025/2026 yilgi mavsumi 1/8 final bosqichida «Barselona» Angliyaning «Nyukasl» jamoasini 7:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra kataloniyaliklar chorak finalga yo‘llanma oldilar va ushbu bosqichda Madridning «Atletiko» jamoasi bilan to‘qnash keladigan bo‘ldilar.
Chorak finalning dastlabki uchrashuvlari 7 aprel, seshanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Musobaqaning hal qiluvchi final bahsi 2026 yil 30 may kuni Budapeshtdagi «Pushkash Arena» stadionida o‘tkaziladi.