«Barselona» Superligani tark etgani uchun jarimadan qutulib qoldi
«Barselona» klubi Yevropa Superligasi loyihasini tark etgani uchun jarima sanksiyalaridan qutulib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga kataloniyaliklar prezidenti Joan Laportaning loyiha tashkilotchilari bilan kelishuvga erishgani sabab bo‘lgan. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, shanba kuni, 7 fevralda e’lon qilingan «ko‘k-anorranglilar»ning loyihadan rasmiy chiqishi jamoaning UEFA bilan yaqinlashish jarayonini yakunlaydi va tashkilotlararo munosabatlarni normallashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, yangi Yevropa futbol turniri tashkil etilishi haqidagi e’lon 2021 yilda e’lon qilingan edi. «Barselona» Superliganing 12 ta asoschi klublaridan biri sifatida ishtirok etgan.
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) ushbu loyihani keskin tanqid qilib, unda qatnashgan barcha klublar ichki, Yevropa va jahon miqyosidagi boshqa musobaqalardan chetlatilishi haqida ogohlantirgan edi.