«Barselona» Reshfordni toʻliq sotib olishni rejalashtirmoqda — manba
«Barselona» «Manchester Yunayted»ga tegishli bo‘lgan ingliz hujumchisi Markus Reshfordning transfer huquqini to‘liq sotib olish niyatida. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, kataloniyaliklar futbolchini 30 million yevro evaziga sotib olish bandini faollashtirishga tayyor. «Ko‘k-anorranglilar» allaqachon ingliz futbolchisi bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib olishgan.
Kelishuvga ko‘ra, mehnat shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar amal qiladi.
Markus Reshford 2025 yilning iyul oyidan buyon «Barselona» safida ijara asosida to‘p surib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida u barcha turnirlarda jami 35 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 10 ta gol va 13 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.