«Barselona» Reshfordni toʻliq sotib olishni rejalashtirmayapti — manba
«Barselona» klubi «Manchester Yunayted»dan ijaraga olingan hujumchi Markus Reshfordning shartnomasidagi sotib olish bandini faollashtirmoqchi emas. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Kataloniya klubi rahbariyati va murabbiylar shtabi forvard Rafinya tarkibda bo‘lmagan vaqtlarda Reshford o‘ziga berilgan imkoniyatlardan maksimal darajada foydalana olmadi deb hisoblamoqda. Xususan, hujumchi Chempionlar Ligasi 1/4 finali doirasidagi Madridning «Atletiko» klubiga qarshi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatish uchun berilgan so‘nggi imkoniyatni ham boy bergan. Endilikda klub hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun boshqa variantlarni ko‘rib chiqishga tayyor.
Ma’lumot uchun, Reshford «ko‘k-anorranglilar» safida ijara asosida to‘p surmoqda, uning transfer huquqini to‘liq sotib olish summasi esa taxminan 30 million yevroni tashkil qiladi.
Joriy mavsumda Reshford «Barselona» tarkibida barcha turnirlar doirasida 43 ta uchrashuvda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi.