«Barselona» Reshfordni sotib olishga mablagʻ topa olmayapti
Angliyalik hujumchi Markus Reshfordning kelajagi hanuz muhokama markazida turibdi. Fichajes nashri 28 yoshli futbolchining vaziyati haqida maʼlumot berdi.
Manbaga koʻra, «Barselona» hozircha Reshfordni 29 million yevroga toʻliq sotib olish imkoniga ega emas. Katalon klubi rahbariyati hozirda asosan shartnomalarni uzaytirish va ish haqlarini qayta koʻrib chiqish bilan band. Agar moliyaviy vaziyat oʻzgarmasa, Markus «Manchester Yunayted» safiga qaytishga majbur boʻladi.
Agar «Barselona» hujumchini sotib olmasa, «Manchester Yunayted» uni boshqa klublarga taklif qilishga tayyor, biroq bu safar futbolchi uchun 45 million yevro talab qiladi.
Maʼlumot uchun, Reshford joriy mavsum «Barselona» safida 15 ta oʻyinda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi.