Barselona Reshford uchun 30 mln yevro to‘lamoqchi emas — manba
“Barselona” klubi “Manchester Yunayted”dan ijaraga olingan Markus Reshfordni jamoada saqlab qolish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda insayder Ben Jeykobs xabar berdi.
Qayd etilishicha, yanvar oyida klublar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan va unda angliyalik futbolchining kelajagi muhokama qilingan.
Manbaga ko‘ra, “Barselona” shartnomada ko‘rsatilgan 30 million yevrolik sotib olish bandini faollashtirishni istamayapti. Buning o‘rniga kataloniyaliklar “Manchester Yunayted”ga kamroq summa taklif qilgan.
Reshfordning o‘zi ham “Kamp Nou”da qolishni xohlamoqda. “Barselona” rahbariyati esa uni jamoada saqlab qolish niyatida. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar mavsum oxiriga yaqin yana davom etishi kutilmoqda. Futbolchining kataloniyaliklar bilan shartnomasi 2026-yilning yozida yakunlanadi.
Ma’lumot uchun, Markus “ko‘k-anorranglilar” tarkibida hozirga qadar jami 27 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 7 ta gol va 11 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.