«Barselona» Reshford bilan 2030 yilga qadar shartnoma imzoladi — Skira
Angliyalik hujumchining tovon puli 30 million yevroni tashkil etadi.
FOTO: Getty Images
«Manchester Yunayted» hujumchisi, ayni damda ijara asosida «Barselona»da to‘p surayotgan Markus Reshford kataloniyaliklar bilan to‘liq shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, yangi kelishuv 2030 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Ta’kidlanishicha, ham futbolchi, ham klub hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor. «Manchester Yunayted» va «Barselona» o‘rtasidagi ijara shartnomasida ko‘rsatilgan Reshfordning transfer huquqini sotib olish summasi 30 million yevroni tashkil etadi.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘k-anorranglilar» transferni to‘liq amalga oshirishni xohlashmoqda, biroq «Manchester Yunayted»dan narx borasida chegirma olishga umid qilishmoqda.
Nasrullo Karimov
Jurnalist