“Barselona” Rafinya bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishdi
“Barselona” jamoa sardorlaridan biri Rafinya bilan yangi shartnoma borasida kelishuvga erishdi. Braziliyalik futbolchining yangi bitimi 2030-yilning iyuniga qadar mo‘ljallanishi kutilmoqda. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, tomonlar shartnomaning asosiy bandlari bo‘yicha kelishib olgan va hujjatlar yaqin vaqt ichida imzolanishi kutilmoqda. “Barselona” sport direktori Deku ham Rafinya bilan hamkorlikni uzaytirish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishilganini tasdiqlagan.
Rafinyaning amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha mo‘ljallangan. Futbolchining o‘zi ham yaqinda klubda uzoqroq qolishni istashini bildirib, imkon bo‘lsa, faoliyatini aynan “Barselona” safida yakunlash niyatida ekanini aytgandi.
Ma’lumot uchun, Rafinya “Barselona” safida 2022-yildan buyon to‘p tepmoqda. Klub uning avvalgi shartnomasini 2025-yilda 2028-yilgacha uzaytirgan edi.