«Barselona» moliyaviy muammolarga qaramay Kanselu bilan shartnoma imzolash yoʻlini topdi
«Barselona» klubi Saudiya Arabistonining «Al Hilol» jamoasidan ijara asosida olingan himoyachi Joau Kanselu bilan to‘liq shartnoma imzolashdan manfaatdor. Biroq, «ko‘k-anorranglilar» futbolchining saudiyaliklar safidagi yuqori maoshini inobatga olgan holda, uning transferini sotib olishga qodir emaslar. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
«Barselona»ning rejasi shundan iboratki, futbolchi «Al Hilol» bilan amaldagi shartnomasini bekor qilish bo‘yicha kelishib olishi va shundan so‘ng kataloniyaliklar safiga erkin agent sifatida qo‘shilishi kerak. Portugaliyalik futbolchini yana qaytadan ijaraga olish imkoniyati mavjud emas, chunki uning amaldagi klubi bilan shartnomasi tugashiga atigi bir yil vaqt qolgan.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» Kanseluning «Al Hilol»dan ijara asosida o‘tganini joriy yilning yanvar oyida e’lon qilgan edi. Futbolchi kataloniyaliklar safida barcha turnirlar doirasida 12 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, 31 yoshli himoyachining bozor qiymati 9 million yevroni tashkil etadi.