«Barselona» Markus Reshford transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi
Kataloniyaning «Barselona» klubi «Manchester Yunayted» hujumchisi Markus Reshford bilan uch yillik shartnoma shartlarini kelishib oldi. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Angliyalik hujumchi La Liganing moliyaviy feyr-pley (FFP) qoidalariga muvofiq kelish uchun o‘z maoshining sezilarli darajada kamaytirilishiga rozilik bergan. Ta'kidlanishicha, transfer rejasi «Barselona» sport direktori Deku hamda futbolchining agenti o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng yakuniy bosqichga kelgan.
Klublar o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi bosqichi moliyaviy detallarni aniqlashtirishga qaratiladi. «Barselona» futbolchini shu yozda o‘z safiga qo‘shib olish uchun shartnomadagi 30 million yevro miqdoridagi tovon pulini faollashtirmoqchi. Kataloniyaliklar ushbu mablag‘ni «Manchester Yunayted»ga uchta transhda (har biri 10 million yevrodan) to‘lashni rejalashtirmoqda.
Markus Reshford joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 10 ta gol va 11 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.