«Barselona» Kristensen oʻrniga yangi futbolchini roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin
Zarurat tug‘ilgan taqdirda «Barselona» himoyachi Andreas Kristensenning jarohati sabab yangi futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
La Liga byudjet reglamentiga ko‘ra, moliyaviy feyr-pley talablariga to‘liq javob bermaydigan klublarga jamoa futbolchisining jarohati yoki og‘ir kasalligi tufayli kamida to‘rt oy safdan chiqqan holatlarda yangi futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat etiladi.
Qayd etilishicha, Kristensen chap tizzasidagi oldingi xochsimon bog‘lamaning qisman uzilishi sabab taxminan to‘rt oy maydonga tusha olmaydi.
Endilikda «Barselona» La Liga tibbiy komissiyasiga tegishli xulosani taqdim etishi va uning tasdig‘ini kutishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» ushbu qoidadan 2024 yilda yarim himoyachi Daniyel Olmoni ro‘yxatdan o‘tkazishda ham foydalangan edi. O‘shanda ham futbolchini qayd etishda Kristensenning jarohati asos bo‘lgan.