“Barselona” Jyul Kundega narx belgiladi
“Barselona” himoyachisi Jyul Kundega “Chelsi” qiziqish bildirmoqda. El Nacional ma’lumotiga ko‘ra, Kataloniya klubi 27 yoshli fransiyalik futbolchini 80 million yevrodan kamiga sotmoqchi emas.
“Chelsi” Malo Gyusto “Manchester Siti”ga o‘tadigan bo‘lsa, Kunde transferini jiddiy ko‘rib chiqishga tayyor. “Barselona” esa shu yozda futbolchini faqat belgilangan summaga yaqin taklif tushgan taqdirdagina qo‘yib yuborishi mumkin.
Jyul Kunde 2022-yildan buyon “Barselona” sharafini himoya qilib kelmoqda. U Kataloniya klubiga “Sevilya”dan ko‘chib o‘tgan. O‘tgan mavsumda himoyachi La Ligada 30 ta uchrashuv o‘tkazib, 1 ta gol va 3 ta golli uzatma qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Kundening “Barselona” bilan amaldagi shartnomasi 2030-yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt uning bozor qiymatini 60 million yevroga baholamoqda.