«Barselona» joriy mavsum La Ligada ketma-ket 38 ta oʻyindan beri gol urib kelmoqda
Kataloniyaning «Barselona» klubi Ispaniya La Ligasi doirasidagi ketma-ket 38 ta o‘yinda gol urib kelmoqda. Bu ko‘rsatkich «ko‘k-anorranglilar» uchun 2013 yil oktyabr oyidan buyon qayd etilgan eng uzun golli seriya hisoblanadi. Bu haqda Squawka xabar berdi.
Mazkur 38 ta uchrashuvda «Barselona» futbolchilari raqiblar darvozasiga 103 ta gol urib, 39 ta gol o‘tkazib yuborgan. Gollarning 77 tasi o‘yindan, 14 tasi bosh bilan, yana 8 tasi penaltidan kiritilgan.
Ushbu uchrashuvlarda kataloniyaliklar 31 marta g‘alaba qozongan, 4 marta mag‘lub bo‘lgan va yana 3 o‘yinda durang qayd etilgan.
La Liganing joriy mavsumidagi 18 turdan so‘ng «Barselona» 46 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda borayotgan Madridning «Real» klubi hisobida esa 42 ochko mavjud.