“Barselona” Joau Kanselu transferi bo‘yicha “Al-Hilol” bilan kelishuvga erishdi
“Barselona” Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi himoyachisi Joau Kanseluni o‘z safiga qaytarishga yaqin turibdi.
Goal nashri ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar portugaliyalik futbolchining to‘liq transferi bo‘yicha “Al-Hilol” bilan kelishuvga erishgan. Transfer summasi taxminan 10 million yevroni tashkil etishi kutilmoqda.
Manbaga ko‘ra, 32 yoshli himoyachi “Barselona” bilan ikki yillik shartnoma imzolashi mumkin. Transferni amalga oshirish tarafdorlaridan biri jamoa bosh murabbiyi Hansi Flik bo‘lgan. Nemis mutaxassisi o‘ng qanot himoyasini hujumlarga faol qo‘shila oladigan tajribali futbolchi bilan kuchaytirishni istagan.
Kanselu avval ham “Barselona” sharafini himoya qilgan. U 2023/24-yilgi mavsumni kataloniyaliklar safida “Manchester Siti”dan ijara asosida o‘tkazgan. 2024-yil yozida esa “Al-Hilol”ga ko‘chib o‘tgan.
Endilikda portugaliyalik futbolchining “Barselona”ga doimiy asosda qaytishi kutilmoqda. Hozircha klub transferni rasman e’lon qilmagan.