“Barselona” Joau Felishni qaytarishi mumkin
“Al-Nassr” hujumchisi Joau Felish faoliyatini yana “Barselona”da davom ettirishni istamoqda. Portugaliyalik futbolchi kelasi yozda Kataloniya klubiga erkin agent sifatida qaytish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Diario Sport xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Felish “Al-Nassr” bilan shartnomasini uzaytirmaslik va kelasi yozda “Barselona”ga bepul o‘tishni rejalashtirmoqda. Futbolchining agenti Jorje Mendesh ham uning istagi haqida Kataloniya klubi rahbariyatiga ma’lum qilgan. Hozircha tomonlar o‘rtasida rasmiy muzokaralar boshlanmagan.
26 yoshli hujumchi yaqinda Yevropa futboliga qaytish va yana Chempionlar ligasida o‘ynash niyati borligini ochiq aytgandi. Felish “Barselona”dagi davrini iliq xotiralar bilan eslab, bu klubda to‘p tepish bolalikdagi orzusi bo‘lganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Joau Felish 2023/24-yilgi mavsumda “Barselona” safida ijara asosida o‘ynagan. U kataloniyaliklar safida barcha musobaqalarda 44 ta uchrashuvda 10 ta gol va 6 ta assist qayd etgan.